Aralash

«Umumiy o‘rta ta’lim maktabi fan Metodbirlashmalari to‘g‘risida»gi Nizom

Siz bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2009-yil 11-sentyabrdagi

253-sonli buyrug‘iga 12-ilova «Umumiy o’rta ta’lim maktabi fan Metodbirlashmalari

to’g’risida»gi Nizom bilan tanishishingiz mumkin.

Umumiy o‘rta ta’lim maktabi fan Metodbirlashmalari to‘g‘risida

NIZOM

I.Umumiy qoidalar

1. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich ta’lim, sinf rahbarlari yo‘nalishi hamda fanlar yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan fanlar turkumi bo‘yicha metodbirlashmalari faoliyat ko‘rsatadi. Metodbirlashma-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida metodik xizmat ko‘rsatish tuzilmasining bir bo‘limi hisoblanadi.

2. Metodbirlashma ishi maktab pedagogika kengashi qarori asosida tashkil etiladi, uning ish rejasi metod kengash tomonidan tasdiqlanadi.

3. Metodbirlashmalar o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga, xalq ta’limi boshqaruvi organlari va ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar hamda ushbu Nizomga amal qiladi.

II. Metodbirlashmaning asosiy maqsadi

4. Metodbirlashmalar o‘z-o‘zini boshqarish shaklida tashkil etilib, quyidagi maqsadni amalga oshiradi:

– o‘qituvchilarning kasbiy va metodik mahoratini hamda malakasini oshirish;

– o‘quvchilarga beriladigan ta’lim va tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilishini ta’minlash borasida o‘zaro tajriba almashish;

– ijodkorlik yo‘nalishidagi izlanishlarni rivojlantirish va birlashtirish;

– o‘qituvchining darsiga, tarbiyaviy soatiga, darsdan tashqari tadbirlariga qo‘yiladigan yagona talablarni ishlab chiqish va ta’lim-tarbiya jarayonida tatbiq etilishini ta’minlash.

III. Metodbirlashmalarning asosiy vazifalari

5. Tegishli yo‘nalish yoki o‘quv fanini o‘qitishga doir me’yoriy va metodik hujjatlarni o‘rganadi, ularni o‘quv jarayoniga tatbiq etish usullarini ko‘rsatib beradi.

6. O‘qituvchilarning g‘oyaviy-nazariy bilim darajasini oshiradi, ularni fan yutuqlari, pedagogik innovatsiyalar, ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan muntazam tanishtirib boradi .

7. Fanlar bo‘yicha taqvimiy-mavzuiy rejalarni tasdiqlashga tavsiya etadi. Shuningdek, oraliq va yakuniy nazoratlar uchun o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan sinov materiallarini tasdiqlaydi.

8. Malaka oshirishga yuboradigan o‘qituvchilarni oldindan rejalashtiradi, malaka oshirishdan qaytgan o‘qituvchilarning hisoboti o‘z vaqtida metodbirlashma yig‘ilishlarida tinglab boradi va ularni taqdimotlarini tashkil etadi.

9. Ilg‘or o‘qituvchilar ish tajribalarini o‘rganishni tashkil qiladi va ommalashtiradi.

10. Davlat ta’lim standartlari talablari, o‘quv rejasi va dasturlari bajarilishining ta’minlanishiga metodik yordam ko‘rsatadi.

11. Tashqi va ichki nazorat natijalariga ko‘ra, DTS talablari bajarilishida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi.

12. Tegishli yo‘nalish yoki fan bo‘yicha ta’lim muassasasida metodik ta’minotga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi.

13. O‘quvchilarga chuqur bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga yordam berish maqsadida o‘qitishning ilg‘or usullarini joriy etishni tashkil qiladi.

14. Darslarni o‘zaro kuzatishlarni tashkil qiladi. Natijalarni tahlil qiladi va mutaxassislarga amaliy yordam beradi.

15. O‘qitish metodlarini o‘rganish maqsadida ochiq darslarni tashkil qiladi, ilg‘or pedagogik tajribalarga doir takliflarni o‘rganadi , umumlashtiradi va ommalashtiradi.

16. O‘quv jarayoniga o‘qitish metodikasining zamonaviy va samarali usullarini olib kiradi, o‘quv fani bo‘yicha yangiliklarni qo‘llashga doir metodik ko‘rsatmalar berib boradi.

17. Yosh mutaxassislarga metodik yordam beradi. Ustoz-shogird tizimini shakllantiradi.

18. Ko‘rgazma va ko‘rsatmali vositalardan foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar beradi.

19. O‘quvchilar bilimini nazorat qilish va ularning mustaqil ishlarini tashkil qilishga doir yo‘llanmalar beradi.

20. Yangi o‘quv dasturi, darslik, metodik qo‘llanma va boshqa metodik ishlarni yangi nashrlarni, Shuningdek, fanga doir maqolalarni o‘rganadi va muhokama qiladi.

21. Nazorat turlariga doir metodik ko‘rsatmalar beradi va ular asosida nazorat topshiriqlarni ishlab chiqishni tashkil etadi.

22. O‘qituvchilarni malaka oshirish, axborot almashuv tizimini hamda o‘z ustida ishlashini yanada yaxshilash maqsadida ijodiy xizmat safarlari bo‘yicha hisobotlarni eshitadi.

23. Fan o‘qituvchilarining samarali mehnatlarini inobatga olgan holda ma’naviy va moddiy rag‘batlantirishga tavsiya qiladi, shuningdek, attestatsiya jarayonida o‘z xulosasini beradi.

24. O‘quvchilarning DTS va o‘quv dasturi hajmi doirasida bilimlarini mavjud mezonlarga rioya etishni nazorat qiladi.

25. Fanlar bo‘yicha maktab miqyosida oyliklar tashkil qiladi, fan olimpiadalarining birinchi bosqichlarini , ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazadi.

26. Fanlar bo‘yicha sinfdan tashqari (fakultativ, to‘garak) ishlarni muvofiqlashtiradi.

27. Fan o‘qituvchilarining metod birlashmasi o‘quv kabinetlari holatini kuzatadi va uning rivojlanishini rejalashtiradi.

28. Fan o‘qituvchilarining metod birlashmasi- fan bo‘yicha sinfdan tashqari ish tizimini aniqlaydi, o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun metodik ishlanma ishlab chiqadi.

29. O‘quvchilarning dars jarayonida texnika xavfsizlik qoidalariga rioya qilish talablarini ishlab chiqadi va nazorat qiladi.

30. Fan bo‘yicha iqtidorli ijodkor o‘quvchilarni aniqlaydi va ular bilan alohida ishlashni tashkil qiladi.

31. Metodbirlashma quyidagi masalalarni amalga oshiradi:

– ta’lim to‘g‘risidagi normativ va metodik hujjatlarni o‘rganish;

– maktab komponentidagi fanlarni tanlash;

– sinfdan-sinfga ko‘chirish bo‘yicha yakuniy nazorat ishlarini, attestatsiya materiallarini tasdiqlash;

– fanlarning o‘qitilishi bo‘yicha maktab ichki nazorati natijasi bo‘yicha tanishish;

– o‘quvchilarning o‘qish davomida texnika xavfsizligi me’yorlariga rioya qilishi, sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha kerakli yo‘riqnoma ishlab chiqish;

– metodik ishlanmalar bilan tanishish maqsadida ochiq darslar tashkillashtirish;

– ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish ya’ni, fan bo‘yicha eksperiment ish olib borish, fan bo‘yicha DTS ijrosi bo‘yicha yagona talab ishlab chiqish;

– fanlar bo‘yicha oraliq va yakuniy nazorat ishlarni o‘tkazish tizimini ishlab chiqish;

– o‘qituvchilarning malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash va ularni ehtiyojlari asosida malaka oshirish turlarini tavsiya etgan buyurtmalar berish hamda kurslaridan o‘tgandan so‘ng va ijodiy xizmat safarlaridan so‘ng tayyorlangan hisobotlarni eshitish;

– fan oyliklari, fan olimpiadalari, konkurslari, ilmiy konferensiyalarni uyushtirish;

– hozirgi zamon talabi darajasida fan kabinetini , darsni jihozlash maqsadida o‘quv ko‘rgazmali qurollar ta’minotiga erishish.

IV. Metodbirlashmalar ishlarini tashkil etish va unga rahbarlik qilish

32. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Metodbirlashmalar boshlang‘ich ta’lim, sinf rahbari yo‘nalishi bo‘yicha bitta, 5-11- sinflarda esa o‘quv rejasida alohida fanlar bo‘yicha tashkil etiladi. Agar u yoki bu fan bo‘yicha o‘qituvchilar soni uch nafardan kam bo‘lsa, u holda ushbu fan o‘qituvchilari shu turkumdagi fan o‘qituvchilari bilan birgalikda bitta metodbirlashmaga birlashadilar.

33. Maktabning har bir o‘qituvchisi (shuningdek, o‘rindoshlik tariqasida ishlayotgan o‘qituvchilar ham) o‘z yo‘nalishlari yoki tegishli fan turkumi bo‘yicha Metodbirlashmaga a’zo bo‘lishlari shart.

34. Metodbirlashma rahbari maktab pedagogika kengashi qaroriga asosan ijodkor va tajribali o‘qituvchilardan maktab direktorining buyrug‘I bilan tayinlanadi.

35. Metodbirlashmalarining faoliyati direktorning o‘quv(metodik) ishlari bo‘yicha o‘rinbosari rahbarligidagi maktab Metodika kengashi tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi. Har bir fan va yo‘nalish bo‘yicha Metodbirlashmaning rahbari maktab Metodika kengashining a’zosi hisoblanadi.

36. Metodbirlashma reja asosida ish yuritadi, ish reja maktabning ish rejasida aksini topishi lozim. Metodik mavzu o‘qituvchining kasbiy o‘z ustida ishlash rejasini nazarda tutgan holda, pedagogik jamoa a’zolari tomonidan qabul qilinishi lozim.

37. Metodbirlashma yig‘ilishi bir oyda bir marta o‘tkaziladi.

38. Metodbirlashma yig‘ilishlarida belgilangan masalalar ko‘rib chiqiladi va qarorlar qabul qilinadi. Yig‘ilishlar bayoni alohida daftarga yozib boriladi.

39. Metodbirlashmalari turli mavzularda seminar-mashg‘ulotlar, ma’lum mavzularga bag‘ishlangan turkum ochiq darslarni tashkil qiladi.

40. O‘quv yili oxirida metodbirlashma faoliyatiga oid barcha hujjatlar direktorning o‘quv (metodika) ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tahlil qilinadi.

41. Yig‘ilish bayonlari daftari, birlashma ish rejasi va hisoboti maktabda 3 yil muddatda saqlanadi.

42. Metodbirlashma rahbarining majburiyatlari:

– yosh o‘qituvchilarga metodik yordam uyushtirish;

– fan o‘qituvchilarining metodbirlashmasi, metod kengashi o‘tishini doimiy ravishda tashkillashtirib borish;

– DTS talablari doirasida o‘qitish sifatiga e’tibor berish;

– metodbirlashma ish rejasini tuzish va uning bajarilishini nazorat qilish;

– ilg‘or ish tajribalarni ommalashtirish, olib borilgan ishlar xususida metod kengash yoki pedagogika kengashida hisobot berish;

– taqvim-mavzu rejalarini tuzilishi va bajarilishini nazorat qilish;

– ijodiy hisobotlar, ochiq darslar, metodik kunlar, metodik oylik dekadalar tashkillashtirish;

– malaka oshirish uchun buyurtmalar berish va malaka oshirishga oid takliflar tayyorlash;

– maktabning Pedagogik kengashida, metodik seminarlarda metodbirlashma ishtirokini takomillashtirish.

V. Metodbirlashmaning huquqlari

43. Fan o‘qituvchilari metodbirlashmasi-o‘qituvchilarga o‘quv yuklamalarni taqsimoti va qayta tarifikatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha tavsiya beradi.

44. Maktab rahbariyatiga fan xonalari mas’ullariga qo‘shimcha haq to‘lash va fan to‘garaklarini tashkil qilish yuzasidan takliflar beradi.

45. Ayrim fan yoki yo‘nalishlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilimlar beradigan sinflar ochish bo‘yicha takliflar beradi.

46. Mahalliy o‘quv materiallari asosida belgilangan tartibda o‘quv dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

47. Ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar mavjud maktablarda yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus dasturlar va yakuniy nazorat materiallarini tayyorlaydi.

48. Metodbirlashmasi a’zolarining malakasini oshirishga doir takliflar beradi.

49. Metodbirlashmaning har bir a’zosi:

– har bir o‘qituvchi kamida bitta metodika birlashmaga a’zo bo‘lishi va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan individual dasturga ega bo‘lish;

– metodbirlashma o‘tkazadigan kengashlarda, tadbirlarda qatnashish;

– kasbiy mahoratini oshirishga intilish;

– pedagogning huquqiy me’yoriy faoliyatini bilish va unga amal qilish;

– pedagogik faoliyatida o‘z-o‘zini tahlil qilib borishi kerak.

VII. Metodbirlashma hujjatlari

50. Metodbirlashma faoliyatiga doir quyidagi hujjatlar bo‘lishi shart:

– Metodbirlashma a’zolari haqida ma’lumot;

– ish rejasi;

– hisobotlar;

– yig‘ilish bayonnomalari;

– Metodbirlashma faoliyatiga aloqador bo‘lgan o‘quv-metodik hujjatlar nusxasi;

– Metodbirlashmaga yuqori tashkilotlardan kelib tushgan o‘quv-metodik hujjatlar nusxasi.

Muallif haqida

Foziljon Anapiyayev

Andijon viloyati, Baliqchi tumani .O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi

2 ta fikr

Fikr bildiring