Mavzu. Matematikaga qiziqtirish- muammolar va ularning yechimlari ,tizimga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish.
35 yillik ish tajribamdan kelib chiqib, men muammo deb qarayotgan ishlar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritmoqchiman. Ular quyidagilardan iborat:
- matematika fanidan amaldagi darsliklar mazmuni va dizayni zamon talabi darajasida emas;
- darsliklardagi materiallar hozirgi zamon talabiga javob bermaydi;
- yaratilgan elektron darsliklar sifati ham bugungi kun talabi darajasidan orqada, ularda jahondagi ilg‘or tajribalardan yetarlicha foydalanilmagan;
- Respublika ta’lim markazi tavsiyasi bilan berilgan “Oraliq va yakuniy nazorat materiallari” ko‘p variantli emas;
- o‘tkazilayotgan “Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalari materiallari barcha bosqichlarda hamma viloyatlarda bir xilda emas;
- “Bilimlar bellashuvi” , fan olimpiadalari tarixi va unda o‘quvchilarga taklif etilgan topshiriqlar , ularning yechimlari , g‘olib o‘quvchi va ularning ustozlari haqida ma’lumot beruvchi alohida internet sayti yo‘q.
Yuqorida sanab o’tilgan muammolarning yechimlari deb quyidagilarni taklif qilaman:
a) matematika fanidan DTS talablaridan kelib chiqib, zamon talablariga mos bir nechta muqobil darsliklarni tayyorlash, bu jarayonga tajribali amaliyotchi-pedagoglarni jalb qilish, o‘qituvchilarga tanlash imkoniyati berilishi, darsliklarga ilova tarzida fan bo‘yicha DTS talablariga javob bera oladigan “Ishchi daftari”ni nashr qilish;
b) elektron darsliklar tuzilishini hozirgi zamon so‘nggi texnologiyalar elementlarini qo‘llagan holda oddiy darslikdan farqli o‘laroq qiziqarli qilib, undagi topshiriqlarning ko‘p variantliligiga e’tibor qaratilishi, buning uchun tizimga iqtidorli, ta’limni tushunadigan mutaxassis dasturchilarni jalb qilish;
c) Respublika ta’lim markazi tomonidan har bir sinf, har bir fan, har bir chorak uchun DTS talablaridan kelib chiqqan holda ko‘p variantli oraliq va yakuniy nazorat materiallari bazasini yaratish. Bu ishda respublikaga tanilgan pedagoglar ish tajribalaridan unumli foydalanish;
d) RTM.UZ saytida DTS talablarini tahlil qilish uchun onlayn test topshirishni yo‘lga qo’yilish;
e) o‘tkazilayotgan “Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalari maeriallarining barcha bosqichlarda butun respublika bo‘yicha bir xilligi va ko‘p variantli bo‘lishiga erishish;
f) “Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalari materiallarining maxfiyligini saqlash uchun bu materiallarning bazasi yaratilib, qaysi bosqich materiali ekanligiga qarab AKTdan keng foydalanish, ularni tadbirlar boshlanishidan 30 daqiqa oldin joylarga internet orqali yetkazishni tashkil etish;
j) materiallarni tayyorlashda respublikada ko‘zga ko‘ringan fidoyi matematik olimlarimiz ishtirokini ta’minlash;
h) “Bilimlar bellashuvi”, fan olimpiadalari tarixi va unda o‘quvchilarga taklif etilgan topshiriqlar, ularning yechimlari, g‘olib o‘quvchi va ularning ustozlari haqida ma’lumot beruvchi alohida internet sayti tashkil qilish. Ushbu saytni yurgizish uchun malakali mutaxassis kadrlar yordamidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish. Bu saytda respublikamizda faoliyat olib borayotgan matematika o‘qituvchilarining barchasiga ma’lumot joylashlari uchun keng imkoniyat berish.