Matematika fanisiz bugungi taraqqiyotni tasavvur qilish imkonsiz. Barcha zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa kompyuter, internet, mobil telefonlari matematik hisob-kitoblarsiz, raqamu amallarsiz kashf etilmas edi. Bu kabi texnologiyalar insoniyat hayoti, turmush tarzini qanchalar yengillatmasin, jahonda ilm-fan sohasidagi eng nufuzli sanalgan Nobel mukofoti matematiklarga taqdim etilmaydi. To‘g‘ri, Bertrand Rassel (1950-yilda adabiyot yo‘nalishida), Maks Born (1954-yilda fizika bo‘yicha), Kennet Errou (1972-yilda iqtisodiyot bo‘yicha), Leonid Kantorovich (1975-yilda iqtisod bo‘yicha), Jon Nesh (1995-yilda iqtisod bo‘yicha) singari taniqli matematiklar ushbu nufuzli mukofotga loyiq deb topilgan. Biroq ular matematika imkoniyatlarini boshqa sohalarda tatbiq etish orqali Nobel mukofoti sohibi sifatida tarixga kirdi.
Xo‘sh, nima uchun matematiklarga Nobel mukofoti berilmaydi. Ko‘pchilik matematika fani o‘qituvchilari bu savolga odamlar orasida keng tarqalgan mish-mish, ya’ni mazkur mukofot ta’sischisi Alfred Nobelning sevgan qizi matematik yigitni tanlagani uchun matematika sohasi vakillariga Nobel mukofoti berilmaydi, degan asossiz sababni keltirib o‘tishadi. Vaholanki, Nobel hayotida ko‘ngil qo‘ygan uch qizning birortasi ham matematiklarga aloqador bo‘lmagan. Rossiyalik Aleksandra unga rad javobini bergan bo‘lsa, 1876-yilda o‘z kotibasi Berta Kinski o‘zining birinchi muhabbati baron Artur Gandakkar Sattnerga turmushga chiqadi, venlik Sofi Hess bilan kechgan 18 yillik muhabbat ham matematik bilan umr rishtalarini bog‘lamagan. Ayrimlar fikricha, Nobel davridagi ko‘zga ko‘ringan matematik Mittag Lefflerdan xotinini rashk qilib matematiklarni mukofotsiz qoldirgan. Biroq Nobel hech qachon uylanmagani mazkur uydirmaning asossiz ekanini ko‘rsatadi.
Hozirgacha matematiklarga Nobel mukofoti berilmasligi bo‘yicha aniq sabab keltirilmagan bo‘lsa ham, mutaxassislar bir qancha asosli taxminlarni ilgari suradi. Xususan, Mittag Leffler avvalroq qirol Oskar II ga iltimos qilib, matematiklar uchun oliy mukofot ta’sis etgani Nobelda ular uchun alohida nominatsiyaga zarurat yo‘q, degan fikr uyg‘ongan bo‘lishi mumkin. Yana bir taxminlarga ko‘ra, Nobel matematika fanini o‘ta nazariy fan sifatida u qadar dolzarb, deb hisoblamagan.
Garchi matematiklarga Nobel mukofoti berilmasa ham, nufuzi va mukofot jamg‘armasi Nobelnikidan kam bo‘lmagan ko‘plab matematik mukofotlar ta’sis etilgan bo‘lib, ushbu fan sohasidagi dolzarb kashfiyotlar va tadqiqotlar uchun olimlarni taqdirlash an’anaga aylangan.